QAHVAXONA INVESTITSIYA VA HAMKORLIK SHARTNOMASI
Ushbu Investitsiya va Hamkorlik Shartnomasi (keyingi o‘rinlarda “Shartnoma” deb yuritiladi) quyidagi tomonlar o‘rtasida tuziladi:
- Investor: Ixtiyor Abdukadirov (keyingi o‘rinlarda “Investor” deb yuritiladi).
- Ijrochi: Coffee House (keyingi o‘rinlarda “Ijrochi” deb yuritiladi). Ushbu brend 2 kishi sherikligida boshlangan bo‘lib, kelajakda yangi sheriklar qo‘shiladigan bo‘lsa, ushbu qarorga Investor aralasha olmaydi.
Tomonlar birgalikda qahvaxona biznesini tashkil etish va yuritish maqsadida ushbu Shartnomani imzolaydilar. Ushbu Shartnoma shartlariga ko‘ra Investor qahvaxonani ochish va jihozlash uchun pul mablag‘i (investitsiya) kirituvchi tomon sifatida ishtirok etadi va biznesning ichki boshqaruv, operatsion hamda brend masalalariga aralashmaydi. Qahvaxona faoliyati uchun joy uchinchi shaxsdan (bino egasidan) ijaraga olinadi.
1Maqsad
Ushbu Shartnomaning maqsadi — Investor tomonidan kiritiladigan 8 000 (sakkiz ming) AQSh dollari miqdoridagi investitsiya asosida Ijrochi tomonidan qahvaxona biznesini tashkil etish va yuritish bo‘yicha tomonlar o‘rtasidagi huquq va majburiyatlarni aniqlashdan iborat. Investor avval kiritgan investitsiyasini qahvaxona foydasidan to‘liq qaytarib oladi, shundan so‘ng biznes sof foydasidan belgilangan ulushni oladi. Biznes boshqaruvi esa to‘liq Ijrochi zimmasida bo‘ladi.
2Tomonlarning rollari va huquqlari
2.1. Investorning roli.
- Investor ushbu Shartnomaning 4-moddasida ko‘rsatilgan miqdorda va muddatda investitsiya kiritadi.
- Investor biznesning brendiga, nomiga, logotipiga, resept va texnologiyalariga, mijozlar bazasiga, marketing materiallariga, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga va boshqa nomoddiy aktivlariga hech qanday huquqqa ega emas.
- Investor biznesning kundalik boshqaruvi, xodimlar, xaridlar, narxlar, menyu, ish vaqti, marketing va moliyaviy qarorlariga aralashmaydi (3-moddada ko‘rsatilgan ijara va joy masalalari bundan mustasno).
- Investorning huquqlari: investitsiyani 5-moddada belgilangan tartibda qaytarib olish, shundan so‘ng sof foydadan belgilangan ulushni olish hamda 5.8-bandda ko‘rsatilgan moliyaviy hisobotlarni olishdan iborat.
2.2. Ijrochining roli va huquqlari.
- Ijrochi qahvaxona brendining 100% egasi bo‘ladi. Investor boshqa joylarda Ijrochi ruxsatisiz “Coffee House” brendi ostida qahvaxona ocha olmaydi.
- Ijrochi Investitsiya mablag‘larini faqat qahvaxonani ochish, jihozlash va ishga tushirish maqsadlarida (tomonlar kelishgan xarajatlar jadvalida ko‘rsatilgan xarajatlar va ularga o‘xshash xarajatlar uchun) sarflaydi.
- Investitsiya hisobidan sotib olingan jihozlar, apparatlar va mahsulotlar (keyingi o‘rinlarda “Qahvaxona mulki” deb yuritiladi) qahvaxona faoliyati uchun foydalaniladi; ularga nisbatan tomonlarning huquqlari 4.6 va 7.3-bandlarda belgilanadi. Ijrochi o‘z mablag‘i hisobidan olib kelgan jihozlar (agar bo‘lsa) tomonlar imzolagan alohida ro‘yxat asosida Ijrochining mulki hisoblanadi.
- Biznesning barcha nomoddiy aktivlari (brend, logotip, reseptlar, mijozlar bazasi, marketing materiallari, ijtimoiy tarmoq sahifalari, hujjatlar va boshqalar) to‘liq Ijrochiga tegishli.
- Ijrochi qahvaxonaning kundalik faoliyatini to‘liq mustaqil ravishda boshqaradi: xodimlarni yollash va bo‘shatish, xaridlar, narx belgilash, menyu tuzish, marketing, xizmat sifati va mijozlar bilan ishlash.
- Ijrochi barcha moliyaviy qarorlarni mustaqil qabul qiladi. Investorning roziligi talab qilinmaydi (3-moddada ko‘rsatilgan ijara va joy masalalari bundan mustasno).
- Ijrochi ushbu biznesni o‘z xohishiga ko‘ra kengaytirish, boshqa filiallar ochish, yangi sheriklar qabul qilish yoki biznes modelini o‘zgartirish huquqiga ega bo‘ladi. Ushbu qarorlar Investorning roziligini talab qilmaydi. Biroq Investitsiya to‘liq qaytarilgunga qadar ushbu qahvaxonaning mablag‘lari boshqa filiallarni ochishga sarflanmaydi.
3Joy (ijara) va kommunal shartlar
3.1. Qahvaxona faoliyati uchun joy bino egasidan (keyingi o‘rinlarda “Ijara beruvchi” deb yuritiladi) alohida ijara shartnomasi asosida ijaraga olinadi. Ijara bilan bog‘liq barcha masalalar — joyni tanlash, ijara haqi, ijara muddati, ijara shartnomasini tuzish, uzaytirish, o‘zgartirish yoki bekor qilish — Ijrochi va Investor o‘rtasida muhokama qilinadi va ikki tomonning kelishuvi asosida hal qilinadi. Ijrochi ushbu masalalar bo‘yicha bir tomonlama qaror qabul qilmaydi.
3.2. Oylik ijara haqi hamda kommunal to‘lovlar (elektr, suv, gaz, internet va boshqalar) qahvaxonaning operatsion xarajatlari hisoblanadi va qahvaxona daromadidan to‘lanadi.
3.3. Binoning o‘ziga tegishli ta‘mir ishlari (tom, devor, pol, shift, asosiy suv, kanalizatsiya va elektr tarmoqlari, isitish va shamollatish tizimi va boshqalar) hamda ularning xarajatlari Ijrochi va Ijara beruvchi o‘rtasidagi ijara shartnomasi asosida belgilanadi.
3.4. Qahvaxona ochilishidan oldingi ichki remont, mebel, interyer va dizayn ishlari Investitsiya mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Ushbu ishlarning ko‘lami va dizayni Ijrochi tomonidan belgilanadi.
3.5. Investor joy, bino holati, kommunal xizmatlar yoki bino ta‘miri bo‘yicha hech qanday majburiyat olmaydi.
3.6. Ijara beruvchidan kelgan har qanday taklif, talab yoki ogohlantirish (ijara haqini o‘zgartirish, shartnomani bekor qilish va boshqalar) haqida Ijrochi Investorni darhol xabardor qiladi.
3.7. Agar ijara shartnomasi bekor qilinsa yoki joyni o‘zgartirish zarur bo‘lsa, qahvaxonani boshqa joyga ko‘chirish va yangi joyni tanlash to‘g‘risidagi qaror Ijrochi va Investor tomonidan birgalikda qabul qilinadi. Ko‘chirilgan taqdirda ushbu Shartnoma o‘z kuchida qoladi va Qahvaxona mulki yangi joyga o‘tkaziladi.
4Investitsiya va tomonlarning hissasi
4.1. Investor qahvaxonani ochish, jihozlash va ishga tushirish uchun 8 000 (sakkiz ming) AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritadi (keyingi o‘rinlarda “Investitsiya” deb yuritiladi).
4.2. Investitsiya Shartnoma imzolangan kundan boshlab ____ kun ichida Ijrochiga bank o‘tkazmasi orqali yoki tilxat asosida naqd pulda topshiriladi. Topshirilgan summa tomonlar tomonidan yozma ravishda (tilxat yoki dalolatnoma bilan) tasdiqlanadi.
4.3. Investitsiya tomonlar kelishgan xarajatlar jadvalida ko‘rsatilgan ochilishdan oldingi va ochilgandan keyingi xarajatlar (jihozlar, xom-ashyo, reklama, dizayn, hujjatlar, remont, mebel va boshqalar) hamda dastlabki ijara va operatsion xarajatlar uchun sarflanadi. Ijrochi Investorga Investitsiya qanday sarflangani to‘g‘risida qisqa hisobot (xarajatlar ro‘yxati va imkon qadar cheklar) taqdim etadi.
4.4. Investitsiya qarz hisoblanmaydi, balki biznesga kiritilgan hissa hisoblanadi. Investitsiya faqat qahvaxona foydasidan, 5-moddada belgilangan tartibda qaytariladi. Qahvaxona zarar ko‘rgan yoki yopilgan taqdirda Ijrochi Investitsiyani o‘z shaxsiy mablag‘lari hisobidan qaytarish majburiyatini olmaydi (7.3-bandda ko‘rsatilgan holatlar bundan mustasno).
4.5. Qahvaxona ochilganidan so‘ng Investor va Ijrochi biznes foydasi va zararlarida 5-moddada belgilangan tartibda ishtirok etadi. Investor qahvaxona brendiga yoki nomoddiy aktivlariga nisbatan hech qanday mulk huquqiga yoki da’voga ega bo‘lmaydi.
4.6. Investitsiya to‘liq qaytarilgunga qadar Qahvaxona mulki Investitsiyaning qaytarilmagan qismi uchun ta’minot hisoblanadi: Ijrochi uni garovga qo‘ymaydi, uni sotish yoki almashtirish esa faqat Investorni yozma xabardor qilgan holda va tushgan mablag‘ qahvaxona hisobiga kiritilgan holda amalga oshiriladi. Investitsiya to‘liq qaytarilgandan so‘ng Qahvaxona mulki tomonlarning teng (50/50) ulushdagi umumiy mulki hisoblanadi.
5Investitsiyani qaytarish, ulushlar va dividendlar
5.1. Sof foyda — barcha operatsion xarajatlar (xom-ashyo, ijara haqi, ishchilar oyligi, kommunal to‘lovlar, marketing, soliqlar va boshqa xarajatlar) chiqarib tashlangandan keyin qoladigan mablag‘.
5.2. Investitsiyani qaytarish davri. Qahvaxona foyda qila boshlagan paytdan boshlab taqsimlanadigan sof foydaning 100% (yuz foizi) Investitsiya to‘liq qaytarilgunga qadar faqat Investorga to‘lanadi. Ushbu davrda Ijrochi va uning sheriklari qahvaxona foydasidan hech qanday dividend yoki foyda ulushi olmaydi.
5.2.1. Zaxira sharti. Investitsiyani qaytarish bo‘yicha to‘lovlar faqat qahvaxona hisobida kamida 2 (ikki) oylik operatsion xarajatlarni qoplash uchun yetarli mablag‘ mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi. Har bir to‘lovdan so‘ng ham qahvaxona hisobida ushbu miqdordagi zaxira qolishi shart. Oylik operatsion xarajatlar miqdori oxirgi 3 oydagi o‘rtacha haqiqiy xarajatlar asosida aniqlanadi.
5.3. Qaytarishdan keyingi davr. Investitsiya to‘liq qaytarilgandan so‘ng Investor qahvaxona sof foydasining 50% (ellik foiz) ulushini oladi, qolgan 50% Ijrochiga tegishli bo‘ladi.
5.4. Investitsiya Investorga to‘langan summalar jami 8 000 (sakkiz ming) AQSh dollariga yetganda to‘liq qaytarilgan hisoblanadi. Har bir to‘lov tilxat yoki bank o‘tkazmasi bilan tasdiqlanadi va Investitsiyaning qaytarilmagan qoldig‘i har bir hisobotda ko‘rsatiladi.
5.5. Dividendlarni (foyda taqsimotini) berish yoki bermaslik, shuningdek foydani qahvaxonaning ichki balansida (rezerv, rivojlanish, jihozlarni yangilash va boshqa maqsadlar uchun) saqlab qolish bo‘yicha qaror Ijrochining vakolatida bo‘ladi. Investor qachon va qanday miqdorda foyda taqsimlanishini belgilay olmaydi.
5.6. Adolatlilik kafolati. Investitsiyani qaytarish davrida Ijrochi o‘ziga yoki o‘z sheriklariga (Coffee House brendi sheriklariga) qahvaxona foydasidan hech qanday to‘lov qilmaydi. Investitsiya qaytarilgandan so‘ng, qachonki Ijrochi dividend e’lon qilsa va o‘ziga yoki o‘z sheriklariga to‘lov amalga oshirsa, ayni o‘sha payt Investorga ham 5.3-bandda ko‘rsatilgan ulushi bo‘yicha tegishli miqdor to‘lanishi shart. Foyda qahvaxona ichida qoladigan bo‘lsa, hech kim olmaydi.
5.7. Ayrim davrda qahvaxona zarar ko‘rsa, dividend to‘lanmaydi. Investor va Ijrochi zararni teng qoplash majburiyatini oladi. Misol uchun oyliklarni to‘lash uchun yetarli mablag‘ yig‘ilmasa, ushbu mablag‘ Investor va Ijrochi o‘rtasida teng taqsimlanadi.
5.8. Ijrochi har chorak yakunida (yoki tomonlar kelishuvi asosida boshqa muntazam davriylikda) Investorga qisqa moliyaviy hisobot — umumiy tushum, asosiy xarajatlar, sof foyda va Investitsiyaning qaytarilmagan qoldig‘i — taqdim etadi. Hisobot dividendlar e’lon qilingan yoki qilinmaganligini ham aks ettiradi. Ichki moliyaviy hujjatlar, xodimlar ma’lumotlari va tijorat sirlari zarur bo‘lmagan vaqtlarda oshkor qilinmaydi.
5.9. Dividend yoki Investitsiyani qaytarish bo‘yicha to‘lov e’lon qilingan taqdirda, Investorga tegishli summa e’lon qilingan kundan boshlab 3 ish kuni ichida to‘lanadi.
5.10. Zaxira kapitali va qarzlar. Qahvaxona ishga tushirilgandan so‘ng operatsion xarajatlar, kengaytirish yoki yangi g‘oyalarni sinab ko‘rish natijasida qahvaxona balansi manfiy holatga tushgan taqdirda, foyda taqsimlashdan oldin balans yana musbat holatga qaytarilishi shart. Ya’ni, qahvaxona avval o‘z zararini qoplab, balansni tiklashi kerak va faqat shundan so‘ng 5.2–5.6-bandlar asosida to‘lov amalga oshirilishi mumkin.
Balans manfiy bo‘lgan davrda Ijrochi o‘z balansidan qahvaxonaga qo‘shimcha mablag‘ (masalan, ishchilar oyligi yoki boshqa shoshilinch xarajatlar uchun) berishi mumkin. Ushbu mablag‘ investitsiya sifatida emas, balki qahvaxonaga berilgan qarz sifatida rasmiylashtiriladi va qahvaxona balansi musbat bo‘lganda to‘liq qaytariladi. Agar qaytarishga imkoniyat bo‘lmasa, ushbu mablag‘ zarar sifatida ko‘rilib Ijrochi hamda Investor o‘rtasida teng taqsimlanadi.
Xuddi shu tartib xom-ashyo va mahsulotlarga ham taalluqli: qahvaxonada mablag‘ yetishmagan vaqtlarda bosh Coffee House o‘z omboridan xom-ashyo va mahsulotlarni to‘lovsiz yetkazib berishi mumkin. Ushbu mahsulotlar qarz sifatida hisobga olinadi va qahvaxona mablag‘i tiklangan zahoti bosh Coffee House-ga to‘liq qaytarib to‘lanadi.
Barcha bunday qarzlar (pul yoki mahsulot ko‘rinishida) alohida hisobda yuritiladi va qahvaxonaning birinchi navbatdagi majburiyati sifatida qaraladi — ya’ni Investorga Investitsiyani qaytarish yoki dividend to‘lashdan oldin ushbu qarzlar to‘liq yopilishi shart.
6Boshqaruv va qarorlar
6.1. Qahvaxonaning barcha strategik va operatsion qarorlari (3-moddada ko‘rsatilgan ijara va joy masalalaridan tashqari) Ijrochi tomonidan mustaqil qabul qilinadi. Bunga jumladan quyidagilar kiradi:
- Menyu, narxlar va aksiya-chegirmalarni belgilash.
- Xodimlarni yollash, bo‘shatish va ularning oylik haqini belgilash.
- Yetkazib beruvchilar bilan shartnomalar tuzish.
- Marketing, reklama va ijtimoiy tarmoqdagi faoliyat.
- Ish vaqtini belgilash.
- Biznesga oid har qanday moliyaviy xarajatlar.
6.2. Investor biznes boshqaruvi bo‘yicha maslahat berishi mumkin, biroq ushbu maslahatlar tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lib, Ijrochi uchun majburiy emas.
6.3. Ijrochi 6.5-bandda belgilangan cheklovlarga rioya qilgan holda biznes boshqaruvini boshqa ishonchli shaxsga yoki menejerga topshirishi mumkin. Buning uchun Investorning roziligi talab qilinmaydi.
6.4. Menejer oyligi. Ushbu Shartnomada “Menejer” deganda 6.3-bandga muvofiq qahvaxonaning kundalik boshqaruvi topshirilgan shaxs tushuniladi. Menejerning oylik haqi qahvaxona hisobidan operatsion xarajat sifatida to‘lanadi va 5.1-bandda ko‘rsatilgan sof foydani hisoblashda inobatga olinadi. Menejer oyligi bozordagi o‘rtacha darajadan oshmasligi kerak, uning har qanday o‘zgarishi 5.8-bandda ko‘rsatilgan hisobotda aks ettiriladi.
6.5. Menejerning oylik haqi faqat Investor kiritgan Investitsiya 5.4-bandga muvofiq to‘liq qaytarilgandan so‘ng qahvaxona hisobidan to‘lanishi mumkin. Shu muddatgacha Ijrochi Menejer yollasa, uning oylik haqi Ijrochining shaxsiy mablag‘lari hisobidan to‘lanadi va qahvaxona xarajatlariga kiritilmaydi. Ijrochi, uning sheriklari yoki ularning yaqin qarindoshlari Menejer sifatida tayinlangan taqdirda ham ushbu cheklov va 5.6-band talablari amal qiladi.
7Amal qilish muddati va bekor qilish
7.1. Ushbu Shartnoma imzolangan kundan boshlab 2 yil muddatga tuziladi. Agar ushbu muddat tugaguniga qadar Investitsiya to‘liq qaytarilmagan bo‘lsa, Shartnoma Investitsiya to‘liq qaytarilguniga qadar avtomatik ravishda uzaytiriladi. Shartnoma tomonlarning yozma roziligi asosida ham uzaytirilishi mumkin.
7.2. Shartnoma quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:
- Ikki tomonning yozma kelishuvi asosida.
- Ijrochi tomonidan bir tomonlama — kamida 2 oy oldin Investorga yozma xabar berish sharti bilan.
- Investor tomonidan bir tomonlama — faqat ushbu Shartnoma shartlari Ijrochi tomonidan jiddiy ravishda buzilganda va yozma ogohlantirishdan so‘ng muammo bartaraf etilmasa.
- Investor Investitsiyani 4.2-bandda belgilangan muddatda to‘liq kiritmasa — Ijrochi tomonidan darhol bekor qilinishi mumkin.
- Fors-major holatlari: urush, tabiiy ofat, pandemiya yoki boshqa nazoratdan tashqari vaziyatlar sababli faoliyatni davom ettirishning imkoni bo‘lmasa.
- Ijara shartnomasi bekor qilinib, 3 oy ichida tomonlar kelishgan holda qahvaxona uchun mos yangi joy topilmasa.
- Qahvaxonada 6 oydan ko‘p muddat davomida umuman foyda qilinmasa va bir tomon nazarida ushbu qahvaxona foydaga chiqishi imkonsizdek ko‘ringan taqdirda.
7.3. Shartnoma bekor qilingan taqdirda:
- Qahvaxona mulki (jihozlar, apparatlar, xom-ashyo, mahsulotlar, mebel va boshqalar) sotishga harakat qilinadi. Sotuvdan tushgan mablag‘ va qahvaxona hisobidagi qoldiq quyidagi tartibda taqsimlanadi: avval qahvaxonaning qarzlari (shu jumladan 5.10-bandda ko‘rsatilgan qarzlar) yopiladi; so‘ng Investitsiyaning qaytarilmagan qoldig‘i Investorga to‘lanadi; qolgan mablag‘ tomonlar o‘rtasida teng bo‘linadi.
- Sotilmagan mulk tomonlar kelishuvi asosida taqsimlanadi: Investitsiya to‘liq qaytarilmagan bo‘lsa, avval Investorga uning qaytarilmagan qoldig‘i qiymatigacha bo‘lgan mulk beriladi, qolgan mulk teng bo‘linadi.
- Agar Shartnoma Ijrochining bir tomonlama tashabbusi bilan bekor qilinsa va Ijrochi Qahvaxona mulkidan foydalanishni davom ettirsa, Ijrochi Investorga Investitsiyaning qaytarilmagan qoldig‘ini (yoki, agar u kamroq bo‘lsa, Qahvaxona mulkining o‘sha paytdagi bozor qiymatini) bekor qilingan kundan boshlab 6 oy ichida to‘laydi.
- Brend, logotip, mijozlar bazasi, ijtimoiy tarmoq sahifalari va boshqa nomoddiy aktivlar to‘liq Ijrochida qoladi. Investorning brendga nisbatan hech qanday da’vosi bo‘lmaydi.
- Mulkni sotish va yakuniy hisob-kitoblar Shartnoma bekor qilingan kundan boshlab 60 kun ichida yakunlanadi.
8Maxfiylik
Investor biznesga oid moliyaviy ma’lumotlar, mijozlar bazasi, yetkazib beruvchilar ro‘yxati, ichki hujjatlar va boshqa tijorat sirlarini uchinchi shaxslarga oshkor qilmaslik majburiyatini oladi. Ushbu majburiyat Shartnoma tugaganidan keyin ham 2 yil davomida o‘z kuchida qoladi.
9Nizolarni hal qilish
9.1. Tomonlar o‘rtasidagi har qanday nizolar avval muzokaralar yo‘li bilan hal qilinadi.
9.2. Muzokaralar natija bermagan taqdirda, nizo O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi asosida tegishli sudga murojaat qilish orqali hal qilinadi.
10Yakuniy holatlar
- Ushbu Shartnomaga har qanday o‘zgartirish faqat yozma shaklda va ikki tomonning imzosi bilan kiritiladi.
- Shartnoma ikki nusxada, har bir tomon uchun bir nusxadan tuziladi; ikkala nusxa teng huquqiy kuchga ega.
- Ushbu Shartnomada ko‘rsatilmagan masalalar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi asosida hal qilinadi.
11Imzolar
Investor
- F.I.Sh
- Ixtiyor Abdukadirov
- Pasport maʼlumotlari
- Manzil
- Telefon
- Imzo
- Sana
Ijrochi
- F.I.Sh
- Pasport maʼlumotlari
- Manzil
- Telefon
- Imzo
- Sana